Авторизация У нас бесплатно модули и шаблоны DLE скачать Веб-шаблоны премиум класса бесплатно
GOLLAR.UZ
P
  • 13:36 – Osiyo chempionlar ligasida jamoalar soni oshadi 
  • 00:28 – Eldor Shomurodovdan navbatdagi shedevr! SSKA darvozasiga Messi uslubidagi gol urdi. 
  • 01:14 – Lionel Messi – yilning eng yaxshi futbolchisi 

Nosoz faks tufayli “Real”ga o‘ta olmagan va uzoqni yaxshi ko‘ra olmaydigan David de Xea haqida

“Manchester Yunayted” klubi va Ispaniya terma jamoasi darvozaboni David de Xea Kintana 7-noyabr, payshanba kuni 29 yoshni qarshi oldi. Quyida zamonaviy futbolning eng yaxshi darvozabonlaridan biri faoliyatiga nazar solamiz.

David 1990-yilning 7-noyabrida Madrid shahrida tug‘ilgan va oilada yagona farzand hisoblanadi. Futbolchilik faoliyatini “Atletiko”da boshladi va “matraschilar” bilan Yevropa Ligasi va UEFA Superkubogida zafar quchgan.
De Xeaning “Atletiko”dagi debyuti 2009-yilning 30-sentabriga to‘g‘ri keladi. Chempionlar Ligasi guruh bosqichida “Portu”ga qarshi kechgan bahsda 18 yoshli de Xea zaruriyat tufayli maydonga tushdi. O‘shanda jamoaning asosiy posboni Serxio Asenxo Ispaniya yoshlar terma jamoasi bilan Jahon Chempionatiga yo‘l olgan, ikkinchi darvozabon Roberto Gago esa o‘yin paytida jarohat olgandi. Garchi o‘sha uchrashuvda “Atletiko” mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da (0:2), uning sovuqqon harakatlari murabbiylar shtabida ijobiy taasurot qoldirdi. Shundan keyin David La Ligada “Saragosa”ga qarshi kechgan bahsda (2:1) debyut qildi va shundan keyin asosiy tarkib o‘yinchisiga aylandi.

2009/10-yilgi mavsumda ispaniyalik darvozabon “Atletiko” bilan Ispaniya Kubogi finaliga qadar yetib bordi va Yevropa Ligasi g‘olibiga aylandi. Bu madridliklar uchun so‘nggi 48 yillikdagi ilk Yevrokubok sovrini edi. Jamoa o‘sha yiliyoq de Xeani saqlab qolish uchun amaldagi shartnomani 2013-yilga qadar uzaytirdi.
2011-yilning boshidan britan OAVlarida “Manchester Yunayted”da Edvin van der Sarning o‘rinbosari kim bo‘lishi haqida faol bahs-munozaralar avj oldi. Nomzodlar ichida de Xeaning nomi ko‘p yangrardi. Gari Nevillning xayrlashuv o‘yini bo‘lgan “Yuventus”ga qarshi bahsdan so‘ng mankunianlar ustozi Aleks Fergyuson David bilan kelishuvga erishilgani haqida ma’lum qildi. Biroq bu ma’lumot de Xeaning vakillari va “Atletiko” rahbariyati tomonidan inkor etildi. Futbolchi yoshlar o‘rtasidagi Yevropa Chempionati yakuniga qadar muzokaralar stoliga o‘tirmasligi ta’kidlandi. Ispaniya yoshlar termasi Yevropada tengsizligini isbotlagach, de Xea darhol Manchesterga yetib bordi va “qizil iblislar” bilan shartnoma imzoladi.
De Xeaning “Yunayted” safidagi rasmiy debyuti “Manchester Siti”ga qarshi kechgandi. 2011-yilning 4-avgustida Angliya Superkubogi doirasida to‘qnash kelgan azaliy raqiblar ishtirokidagi o‘yin 3:2 hisobida “Manchester Yunayted” foydasiga hal bo‘lgandi. Premyer Ligadagi debyut esa “Vest Bromvich”ga qarshi o‘yinga (2:1) to‘g‘ri kelsa, ilk quruq o‘yin “Tottenhem”ga qarish bahsda qayd etilgan. O‘sha mavsumda de Xea muvaffaqtli seyvlar borasida APLda eng yaxshi natija qayd etdi.
David 2012/13-yilgi mavsumni ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazdi. Manchester derbisida Karles Teves va David Silvaning zarbasidan keyin muhim seyvlarni ijro etdi va “Yunayted”ning g‘alabasiga o‘z hissasini qo‘shdi (3:2). Fevral oyida esa Chempionlar Ligasi doirasida kechgan “Real”ga qarshi bahsda (1:1) ham o‘zini ko‘rsatishga erishdi. O‘sha mavsum de Xea mankunianlar bilan Angliya chempioniga aylandi. Bu jamoaning afsonaviy murabbiyi Aleyks Fergyuson uchun so‘nggi mavsum bo‘lgandi.



De Xea mana bir necha yildirki “Manchester Yunayted”ning asosiy darvozaboni bo‘lib kelmoqda. Futbolchi Ispaniya terma jamoasida ham bir necha yildan beri birinchi raqamni hech kimga bergani yo‘q. Ispan shu vaqtga qadar umumiy hisobda 489 o‘yin (41 tasi Ispaniya terma jamoasida) o‘tkazgan, ularning 179 tasida gol o‘tkazib yubormagan. Futbolchi uch bor Angliya Superkubogi, ikki marta Yevropa Ligasi, bir martadan APL, Angliya Kubogi, Liga Kubogi va UEFA Superkubogida zafar quchgan. Shuningdek, de Xea besh karra PFA yil ramziy terma jamoasidan o‘rin olgan va bir bor Premyer Liga “Oltin qo‘lqop”ini qo‘lga kiritgan.

Futbolchiga oid qiziqarli faktlar


  • De Xea uzoqni yaxshi ko‘ra olmaydi, shu sabab u 2012-yildan buyon kontakt linzalaridan foydalanib keladi
  • 2015-yilda David “Real”ga o‘tishga yaqin kelgandi, biroq transfer oynasining so‘nggi onlarida buzilib qolgan faks moslamasi tufayli transfer barbod bo‘lgan
  • Aleks Fergyuson 2009/10-yilgi mavsumda da Xeaning o‘yinini shaxsan kuzatish uchun “Yunayted”ning Liga Kubogidan o‘rin olgan “Skantorp”ga qarshi bahsida ishtirok etmagan
  • De Xea bolaligida yarim himoyada o‘ynagan va hujumga o‘tishni yaxshi ko‘rgan. Biroq 14 yoshida qaxramonimiz darvozabon bo‘lishga ahd qilgan
  • De Xeaning otasi ham darvozabon bo‘lgan
  • “Manchester Yunayted”dagi ishonchli harakatlari sabab de Xea “yunaytedchilar” orasida Edvin van der Xea laqabini olgan.

рейтинг:
  • Не нравится
  • 0
  • Нравится
Оставить комментарий
иконка
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
  • Сегодня
  • Популярные
  • Читаемое