Авторизация У нас бесплатно модули и шаблоны DLE скачать Веб-шаблоны премиум класса бесплатно
GOLLAR.UZ
P
  • 12:45 – Neymar: "Muxlislarni to'g'ri tushunaman" 
  • 10:52 – Ronaldu navbatdagi rekordni o'rnatdi 
  • 13:00 – Makgregor Habib bilan Moskvada oktagonga chiqmoqchi 

Intervyu. Marat Bikmaev - "Inter"dagi ko'rik, "Lokomotiv"ning yordami va orzusi"

2002 yil "sherlar" safida debyut qilgan Bikmaev faoliyati davomida Rossiya, Qozog'iston klublarida ham o'ynashga ulgurdi. Oxirgi yillarni "Lokomotiv" safida o'tkazgan hujumchi 2019 yilgi mavsumni "Paxtakor"da boshladi. Biz futbolchi bilan turli mavzular bo'yicha suhbatlashdik.

FUTBOLGA KIRIB KELISHI
Dadam futbolchi bo'lgan. U Sobiq Ittifoq terma jamoasi safida maydonga ham tushgan. Adashmasam bitta o'yinda. Ammo jarohat olgan va o'sha paytlarda operaciya u qadar rivojlanmagani bois faoliyatini yakunlashga majbur bo'lgan. Dastlab akamni futbolga berganlar. Akam CHig'atoyda Evgeniy Nikolaevich Kazakov qo'l ostida o'ynagan. Biroq vaqt o'tib futbolga bormay qo'ygan. SHundan keyin dadam meni CHig'atoyga olib borganlar. U erdagi mashg'ulotlar menga manzur bo'lgan, o'yinlarda maydonga tushardim, shahar kubogida o'ynardik. Uyimga ancha yaqin edi va har kuni mashg'ulotga borardim. Futboldagi faoliyatim aynan o'sha erdan boshlangan. Kichkinaligimda braziliyalik Ronaldoga o'xshashni orzu qilardim. Yoshligimda aynan u mening kumirim edi. Unga o'xshab o'ynashni istardim.

Keyin Respublika olimpiya zaxiralari kollejida o'qidim. O'shanda barchaning orzusi "Paxtakor"da o'ynash edi. Menda ham shunday orzu bo'lgandi. Bosh murabbiy Dilshod Nuraliev boshchiligidagi O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi tashkil etilgandi. O'sha jamoada mendan tashqari Vitaliy Denisov, Sanjar Tursunov, Sergey Arslonov, Sadriddin Abdullaev va boshqa futbolchilar bor edi. Ushbu jamoa bilan birga har yili kamida 2-3ta xorij mamlakatida o'yinlar o'tkazardik. O'smirlar terma jamoasidan so'ng ikkinchi ligada o'ynaganman. Keyin "Paxtakor" yoshlar jamoasiga chaqirishgan. Asosiy tarkibda Tachmurad Agamuradov, yoshlar tarkibida bosh murabbiy Rauf Inileev edi. Asosiy tarkibdagi debyut uchrashuvim "So'g'diyona"ga qarshi bo'lgandi. O'shanda jamoamizda Mirjalol Qosimov, Baxtiyor Ashurmatov, Leonid Koshelev kabi mahoratli futbolchilar bor edi. Ular men uchun haqiqiy namuna edilar. Ilk o'yindayoq gol urganman. Buni hech qachon unuta olmayman.

Tachmurad Agamurodov menga ishonardi va imkoniyat berardi. Dastlab 15-20 daqiqa, keyinroq bir taym o'ynardim, keyinroq to'liq o'ynay boshladim. Biroz vaqt o'tib milliy terma jamoaga chaqiruv olgandim. O'smirlar, yoshlar, olimpiya va milliy terma jamoalarning hammasida o'ynaganman.

ROSSIYADAGI FAOLIYAT
2004 yil Samaraning "Krilya Sovetov" klubi bilan shartnoma tuzganman. O'shanda "Paxtakor"da Aleksandr Kleckov ham o'ynardi. Bizning italiyalik agentimiz bor edi. "Krilya Sovetov"dan avval bizni "Inter"ga ko'rikdan o'tish uchun olib borishgan. O'shanda milanliklar safida Ivan Kordoba, Kristian Veri kabi yulduzlar bor edi. Biz ikki oy davomida "Inter" yoshlar jamoasi bilan birga mashg'ulot o'tkazganmiz. Mashg'ulotni yakunlab asosiy tarkib mashg'ulotlarini tomosha qilardik. Bu ajoyib edi. SHunday bo'ldiki ikki oydan so'ng Kleckov Toshkentga qaytdi, men esa yuqorida aytganimdek Samaraga ketdim. Yig'indan so'ng shartnoma tuzdim va Rossiyadagi faoliyatim boshlandi. Keyin Rossiyada "Rubin", "Spartak Nalchik", "Alaniya" klublarida o'ynadim, Qozog'istonda "Aktobe"da to'p tepdim.

Rossiyadagi birinchi mavsumlar u qadar yorqin bo'lmagan. Ancha yosh edim va balki u qadar professional bo'lmagandirman. Bola edim. "Rubin"ga o'tganimda esa ancha o'zgargandim. O'shanda Qozon klubi bosh murabbiy Qurbon Berdiev menga tasirli gap aytgandi: yoki sen futbolni tugatasan, yoki aqlingni yig'ib olasan! SHundan keyin aqlimni yig'ib olganman (kuladi). So'ngra "Spartak Nalchik"da ko'rikdan o'tganman. Bu jamoa safida ko'proq o'yin amaliyotiga ega bo'lgandim. Moslashish uchun hech qancha vaqt ketgmandi. Jamoa ligada qolish uchun kurashardi. SHu bois har bir bahsga to'liq kuch bilan o'ynardik. Tajribam oshib boraverdi. O'shanda Koller, Karyaka kabi yulduzlar o'ynardi. Nalchikda 2 yil o'ynadim va "Alaniya"dan taklif tushdi. Vadim SHevchuk boshchiligidagi jamoa quyi ligadan premer-ligaga chiqishni maqsad qilgandi. Aynan "Alaniya"da men uchun haqiqiy futbol hayoti boshlandi. Doimo maydonga tushardim, gollar urardim, futbolchi sifatida to'liq ochildim desam yanglishmayman. Evropa ligasi saralashida o'ynagandik. "Aktobe" to'sig'idan o'tgandik, guruh bosqichiga chiqish uchun "Beshiktosh" bilan o'ynagandik. Safarda 0:3 hisobida yutqazganmiz, uyda esa 2:0 hisobida g'olib bo'lgandik. Agar bu to'siqdan o'ta olganimizda Evropa ligasi guruh bosqichida o'ynardik.

"Alaniya"dagi 2,5 yil ajoyib o'tgandi. Biz premer-ligaga chiqqandik, Rossiya Kubogi finaliga chiqqanmiz. To'g'ri finalda CSKAga yutqazganmiz, ammo final baribir final. SHunday bo'ldiki, biz premer-ligaga chiqqanimizdan keyin jamoaga boshqa legioner futbolchilar olib kelina boshlandi. Menga esa "uzr yo'llarimiz shu joyda ayriladi, o'zinga boshqa klub izlayver, sen ozodsan" deyishdi.

"AKTOBE", OG'IR JAROHAT VA "LOKOMOTIV" HAQIDA
SHundan keyin men "Aktobe" safiga borib qo'shildim. O'shanda Kapadze va Geynrix ham shu jamoada edi. Dastlbki yil Qozog'iston chempionatida 3-o'rinni egalladik. Keyingi mavsum chempionlik vazifasi qo'yilgandi va biz chempion bo'la olgandik. Ammo o'sha 2013 yil og'ir jarohat olgandim. O'sha jarohat menga hayotda ko'p narsani tushunib etishimga yordam bergandi. Jarohat olganimda hech kimga kerak emasdim. Toshkentga qaytib kelib bir yil hech qaerda o'ynamadim. SHu damda "Lokomotiv" menga yordam qo'lini cho'zdi. Hech kim menga ishonmagan paytda "Lokomotiv" menga ishondi. Haligacha ushbu klubga rahmat aytaman. O'sha payt Vadim Abramov bosh murabbiy edi. Jarohatimni davolayotganda Abramov sen o'ynashing kerak tezroq tuzal deb aytardi. "Lokomotiv" safidagi debyutimda golli pas berganman va o'zimga bo'lgan ishonch paydo bo'lgan. Yaqinlarim meni qo'llab-quvvatlashdi. Agar ular bo'lmaganida bilmadim hozir qaerda bo'lardim. Sekin-asta gollar ura boshladim, 2016 yil men uchun sermahsul bo'ldi, 2017 yil esa shunchaki ajoyib o'tdi (kuladi).


"PAXTAKOR"GA QAYTISH

"Lokomotiv" safida ketma-ket uch marta chempion bo'ldim, ikki marta mamlakat kubogi va bir marta Superkubok sohibi bo'ldim. Men uchun buni davom ettirish juda muhim edi. "Lokomotiv" hozir ham eng yuqori maqsadlarni qo'ygan. Nima uchun "Paxtakor"ga qaytdim? Birinchidan, men barchasini aynan shu erda boshlaganman. Ikkinchidan, otam shu klubga o'tishimni istadi. Barchasi oddiy.

AVSTRALIYA BILAN O'YINDAGI URILMAGAN PENALTI
Avstraliya bilan o'yin og'ir bo'ldi. 2004 yil Bahrayn bilan o'yinda ham penaltidan gol ura olmagandim, ammo unda ancha yosh edim. Avstraliya bilan o'yindan keyin penalti tepish uchun borganimda gol urishimga ishonchim komil edi. Ammo OAVda 2004 yil Bikmaev Bahraynga gol ura olmagandi deb yozishgandi. Balki shu narsa xayolimdan o'tgandir. Odatda men 11 metrli jarima to'pi tepish uchun kelganimda bitta burchakni aniqlab olaman va o'sha tomonga tepaman. To'pni erga qo'yganimda boshimdan barcha narsa chiqib ketdi. Qaltirardim. Biroz o'ylab, o'zim tanlagan burchagimga tepaman deb o'yladim va zarba berdim. Ammo darvozabon oldindan o'sha tomonga tashlandi va to'pni qaytardi. Bu hayot, nima ham qila olamiz.

ORZUSI
Futboldagi orzularimdan biri, o'g'limni futbolchi qilmoqchiman. Hali ancha yosh va u qadar tushunmaydi. Kelajakda mendan ozgina bo'lsa ham kuchliroq futbolchi bo'lib etishishini orzu qilaman. Katta bo'lib vatanga foydasi tegishini istayman.
рейтинг:
  • Не нравится
  • 0
  • Нравится
Оставить комментарий
иконка
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
  • Комментируют
  • Сегодня
  • Читаемое