Авторизация У нас бесплатно модули и шаблоны DLE скачать Веб-шаблоны премиум класса бесплатно
GOLLAR.UZ
P
  • 13:36 – Osiyo chempionlar ligasida jamoalar soni oshadi 
  • 00:28 – Eldor Shomurodovdan navbatdagi shedevr! SSKA darvozasiga Messi uslubidagi gol urdi. 
  • 01:14 – Lionel Messi – yilning eng yaxshi futbolchisi 

Anzur Ismoilov: "Terma jamoadan ketadigan payt kelgandi"

Tajribali futbolchi Anzur Ismoilov O'zbekiston milliy terma jamoasidagi faoliyatini yakunladi.
Terma jamoada bosh murabbiy o'zgargach, oradan ko'p o'tmay mohir himloyachi rasmiy bayonot bilan chiqish qildi. Qiziq, Anzur nega to'satdan bu qarorga keldi? Uning Abramov bilan ishlagisi kelmadimi? SHu kabi savollarga javob topish maqsadida himoyachidan intervyu oldik. 



- Milliy terma jamoada murabbiy o'zgargach siz ham faoliyatni tugatdingiz. Bu qanday sodir bo'ldi? 

- Aslida terma jamoa bilan Osiyo Kubogidan keyin xayrlashmoqchi edim. O'shanda Odil Ahmedov ikkalamiz Ektor Kuper oldiga kirib shu musobaqadan keyin terma jamoadan ketamiz, Sizga katta rahmat degandik. Lekin Kuper bunga unamay hali tugatishga erta, jahon chempionati saralashida ham yordam berishinglar kerak deb niyatimizdan qaytargandi. 

Keyin mayli deb navbatdagi o'yinlarni kuta boshladik va mart oyida Xitoyda o'tkazilgan “China Cup” musobaqasiga borib keldik. O'sha erda terma jamoadagi 100-o'yinimni o'tkazdim. Xullas tugatishga sabab bor edi. Har holda mamlakatning bosh jamoasida 100ta o'yin o'tkazish ham katta voqea deb o'ylayman.

- Kuper ketgach terma jamoa bilan xayrlashdingiz va buni ko'pchilik murabbiy o'zgargani bilan izohlay boshladi.

- Endi buni ham inkor qila olmayman. Yangi murabbiy Vadim Abramovni hammamiz yaxshi bilamiz. U kishi bilan oldin ham ishlaganman, yoshlikda murabbiyim bo'lgan. O'zimning yaqin o'rtog'im Aziz Haydarov faoliyatini tugatib, O'FA terma jamoalar bo'limida ish boshlagach unga niyatimni tushuntirdim. Qolaversa bu borada fikrimni Timur Kapadzega ham aytdim. 

Ularga faoliyat tugatish payti kelganini, bundan keyin etiborni ko'proq oilamga va klubdagi o'yinlarimga qaratishim kerakligini bildirdim. Ular esa meni to'g'ri tushunib bu fikrimni bosh murabbiyga etkazishdi. Endi bolalarim ham katta bo'lib qoldi va oilam bilan ko'proq birga bo'lishni xohlayman. Terma jamoada ko'p o'ynadim va o'ylaymanki, yomon taassurot qoldirmadim. Endi bo'lsa ketadigan vaqt kelgandi, shu bois bir qarorga keldim. Buyog'iga yoshlarga yo'l berish kerak. Yaxshi futbolchilar etishib chiqyapti va boshqalarning ham terma jamoada o'ynaydigan payti keldi.

 

- Bu borada Vadim Abramov bilan uchrashdingizmi? 

- Yo'q, bunga vaqt bo'lmadi. SHu bois o'z fikrimni Aziz Haydarov va Timur Tohirovichga aytib bosh murabbiyga etkazishlarini so'radim. Qarorimni murabbiylar shtabi to'g'ri qabul qilganidan xursandman. Terma jamoamizga jahon chempionati saralash o'yinlarida omad tilayman. 

- Agar murabbiy o'zgarmaganida bu qarorga kelmasdingiz, to'g'rimi? 

- Aytib o'tganimdek, terma jamoa bilan xayrlashish fikri Osiyo Kubogidan keyin kelgandi. Qishda katta musobaqada qatnashgach, men uchun oxirgisi bo'ladi deb o'yladim. Ammo Kuper ahdimdan qaytarib sen hali menga keraksan dedi. SHundan so'ng yana o'ynab yurdim. Safarda Falastinga imkoniyatni boy bergach, bosh murabbiy o'zgardi va Vadim Abramov terma jamoani qabul qilib oldi. Abramov esa meni to'g'ri tushundi. Jahon chempionatida o'ynash peshonaga yozilmagan ekan, nimayam qilardik, yoshlarga yo'l beramiz endi.

- Faraz qiling, Abramov ham ko'nmaganida qanday yo'l tutardingiz? 

- Abramov baribir boshqacha inson, u kishi har bir futbolchini to'g'ri tushunadi. Qolaversa meni ancha yildan beri biladi. 



- Bu qaror siz uchun foydali bo'ldi deb hisoblaysizmi? 

- Hozir oilamga ko'proq vaqt ajratyapman deya olaman. O'g'lim ham katta bo'lib qoldi, uni mashg'ulotlarga olib borishim kerak. Bu bilan o'zim shug'ullanyapman. Bolalar kichkinaligida ota-onasi yonidami yo uzoqdami unchalik tushunmaydi, katta bo'lavergach doim yonida bo'lishingizni xohlaydi. Agar 30-31 yosh bo'lganimda ham mayli edi. Sekin-asta vaqt o'tyapti, balki yana qanchadir o'ynab shu bilan faoliyatimni ham tugatarman. 



- Terma jamoada 104ta o'yinda maydonga tushdingiz. Bu siz uchun etarlimi? 

- Endi baribir ko'prog'ini xohlaysiz. Avval 100ta o'ynasam deysiz, undan keyin 200taga etkazsam degan niyat bo'ladi. Lekin hammasi vaqtga va yoshga bog'liq ekan. To'g'risini aytsam, vaqt juda tez o'tdi. 104ta uchrashuvda maydonga tushganimni hatto o'zim sezmay qolibman. Kelajakda nima bo'lishini hech kim aniq ayta olmaydi. Kim biladi deysiz balki kuchga to'lib yana qaytarman.

 

- Bu bilan aytmoqchisizki, taklif tushsa yana borishga tayyorman, shundaymi? 

- Endi milliy terma jamoa bu - Vatanimiz bosh jamoasi. Hamma terma jamoada o'ynasam deydi. Balki keyinroq sen bizga keraksan deyishsa borib yordam berishga tayyorman. 


- Terma jamoadagi birinchi o'yiningiz qachon, kimga qarshi kechganini eslay olasizmi? 

- Boshida o'rtoqlik o'yinlarida maydonga tushganimni bilaman. Lekin to'g'risi birinchi rasmiy o'yinim qachon va kimga qarshi bo'lgani yodimda yo'q. Malayziya bilan o'ynagandikmi yo Iroq bilanmi, aniq eslay olmayman. (Muallifdan: Anzur Ismoilovning terma jamoadagi ilk o'yini 2007 yil 2 iyul kuni Iroq terma jamoasiga qarshi kechib, 21 daqiqa harakat qilgan va O'zbekiston terma jamoasi 2:0 hisobida zafar quchgan). Lekin shuni aytishim mumkin, meni terma jamoaga birinchi marta Rauf Inileev chaqirgandi va u kishidan minnatdorman. 



- Bilamizki, markaziy himoyachilar tandem sifatida o'ynaydi. O'z paytida sizdan yoshi kattalar bilan to'p tepgansiz. Sizga eng ko'p yordam bergan himoyachi kim edi? 

- (Biroz o'ylanib) Menimcha, Asror aka Aliqulov bo'lsa kerak. Esimda Toshkentda Avstraliyaga qarshi Asror aka bilan birga o'ynagandik. Aliqulov ham terma jamoada, ham klubda menga ko'p yordam bergan. SHuningdek, “Paxtakor”da ekanligimda Gochguli Gochguliev ham ko'p maslahatlar berardi. 

“Traktor”da o'ynab yurgan kezlarim murabbiylar meni tayanch nuqtasiga qo'yishgan. “Paxtakor”ga o'tgach, markaziy yarim himoyada raqobat kuchli edi. Kapadze, Jeparov kabi futbolchilar bilan raqobat qilishga to'g'ri kelardi. 6-7 yil “Paxtakor” o'rinbosarlari tarkibida o'ynadim, shundan so'ng “Dinamo”ga ijaraga berishdi. Samarqandda o'z mahoratimni oshirib yana “Paxtakor”ga qaytdim va o'ynay boshladim. 

- Siz bilan tandem sifatida o'ynab tez til topishib ketgan himoyachi sifatida kimni ko'rsata olasiz? 

- Oxirgi paytlarda Egor Krimec va Islom To'xtaxo'jaev bilan birga o'ynadim. Har ikki futbolchini o'ziga yarasha kuchli deb bilaman va birini ikkinchisidan ustun qo'ya olmayman. SHunday ekan, bu o'rinda yaqqol bittasini ajratib ko'rsatish qiyin. 



- Terma jamoada qaysi o'yinlar ko'proq yodda qolgan? 

- 2015 yil Osiyo Kubogida Saudiya Arabistonini 3:1 yutganimizni aslo unutmayman. Bu eng yaxshi o'yinlarimizdan biri bo'lgandi. SHuningdek, Qatarni yutgan o'yinlarimiz ham yodimda. Lekin eng unutilmas bahs sifatida birortasini ajratib ko'rsatish qiyin. CHunki terma jamoa safida ko'plab yaxshi o'yinlar o'tkazganmiz. 



- Alamli o'yinlar ham bo'lganmi? 

- Toshkentda Iordaniya bilan 1:1 o'ynab penaltilar seriyasida gol ura olmaganim juda alam qilgan. O'yinda gol urib penaltidan to'p kirita olmaganimdan xafa bo'lganman. Natijada jahon chempionati saralashida pley-offdan o'ta olmaganmiz. Iordaniya esa keyingi bosqichga yo'l olib Urugvayga qarshi ikkita o'yin o'tkazgan. 


- SHunday qilib terma jamoa bilan xayrlashdingiz. Agar omadimiz kelib jahon chempionatiga chiqsak, bu qarordan afsuslanasizmi? 

- Yo'q, nega endi? Men qaytanga juda xursand bo'laman. Axir jahon chempionatiga borishni butun xalqimiz kutyapti. O'ylaymanki, hozirgi murabbiy bilan buni uddalasa bo'ladi. CHunki Abramov o'zbek futbolini yaxshi biladi va futbolchilarga ko'proq to'p bilan muomalada bo'lishimiz kerakligini aytyapti. Abramov bilan ishlab bosimni unchalik his qilmaysiz. U doim maydonda hamma qo'lidan kelgan ishni qilishi kerakligini uqtiradi.

 

- Abramov qo'l ostida terma jamoa ikkita uchrashuvda g'alaba qozondi. Yangi murabbiy ish boshlagani sezildimi? 

- Oxirgi ikkita o'yinni yirik hisobda yakunladik va raqiblar darvozasiga 8ta gol urdik. Mana shu ko'rsatkichning o'ziyoq Abramov hujumkor futbolga urg'u berishini aytib turibdi. Kuper esa ko'proq himoyaviy futbolni tanlardi. Kuper paytida himoyada mustaham o'ynab bersak bo'lgani edi, oldinda nima bo'lsa bo'lardi. Abramov gol o'tkazsak vahimaga tushmaydi, qaytanga bitta o'tkazib yuborilgan golga uchta gol bilan javob berishimiz kerak deydi.

 

- Ektor Kuperning O'zbekistondagi faoliyatini qanday baholaysiz? 

- Bu murabbiy bilan bir yildan ko'proq ishladik. Kuper yaxshi inson, lekin qarashlari biroz eskicha edi. Ko'ryapsiz, hozir futbol bir joyda turgani yo'q, hamma joyda rivojlanish ketyapti. Kuper ko'proq eski metodikani qo'lladi, bu esa bizga to'g'ri kelmadi deb o'ylayman. 

- Malumki, bir nechta mavsumni Xitoyning “CHanchun Yatay” klubida o'tkazgansiz. Sobiq jamoangizni kuzatib turasizmi? 

- Ha, internet orqali barcha yangiliklardan xabardorman. Afsuski, “CHanchun Yatay” birinchi ligaga tushib ketgan va hozir yana Superligaga qaytishga harakat qilyapti. Sobiq jamoam birinchi ligada ikkinchi o'rinda boryapti va chempiont tugashiga ikkita tur qoldi. Nasib qilsa “CHanchun Yatay” keyingi mavsumni Superligada o'tkazadi. Xitoyda 8 yil o'ynab bu klubdagi hamma bilan yaqin bo'lib ketganman. Haligacha tanishlar bilan yozishib turamiz. 

- 10 ballik tizimda Xitoydagi faoliyatni nechaga baholaysiz? 

- Endi u erda yaxshi kunlar ham, yomon kunlar ham bo'lgan. Futbolda hech qachon faqat zo'r bo'lmaydi. Boshga har narsa tushishi mumkin. Ammo chetda yomon faoliyat olib bormadim deb o'ylayman. SHundan kelib chiqib 8-9 ballga tortadigan o'yin ko'rsatgan bo'lsam kerak.

 

- Siz o'ynagan paytda ham Xitoyda hozirgidek pul ko'pmidi? 

- O'shanda ham pul bor edi, lekin oxirgi uch-to'rt yil ichida Xitoy klublari misli ko'rilmagan darajada boyidi. Endilikda ular dunyoning istalgan futbolchisini sotib olishi mumkin. Men o'ynagan jamoa o'rtamiyona klub bo'lib, yirik transferlarga qo'l urmasdi. Hozir bo'lsa hamma yaxshi o'yinchilarni qo'lga kiritish bilan ovora.
рейтинг:
  • Не нравится
  • 0
  • Нравится
теги: Anzur Ismoilov
Оставить комментарий
иконка
Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
  • Сегодня
  • Популярные
  • Читаемое